Telefon firibgarlari eng ko‘p qo‘llaydigan TOP 5 ibora
Yildan yilga firibgarlar bank mijozlarini aldashning yangi usullarini o‘ylab topmoqdalar. Aksariyat hollarda firibgarlar telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini bank, huquqni muhofaza qilish idoralari yoki boshqa tashkilotlar xodimi sifatida tanishtiradi. Ularning asosiy maqsadi — kartaning maxfiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish yoki hisobvaraqqa kirish huquqiga ega bo‘lishdir.Quyida telefon firibgarlari eng ko‘p ishlatadigan beshta ibora haqida so‘z yuritamiz.
1. “Kartangiz orqali shubhali operatsiya qayd etildi”
Firibgarlar odamni xavotirga solib, zudlik bilan suhbatga tortishga harakat qiladi. Ular “mablag‘larni himoya qilish” bahonasida bank kartasi ma’lumotlarini yoki tasdiqlash kodlarini aytishni so‘rashi mumkin.
2. “Hisobingizdagi taxminiy summani ayting”
Yovuz niyatli kimsalar ataylab aniq summani aytmaydi va taxminiy miqdorni so‘raydi. Bu ularga qancha maksimal miqdordagi pulni o‘g‘irlashga urinish mumkinligini aniqlashga yordam beradi.
3. “Sizning nomingizga kredit rasmiylashtirilgan”
Bunday ibora stress uyg‘otadi va vaziyatga zudlik bilan oydinlik kiritish istagini keltirib chiqaradi. Suhbat davomida firibgarlar karta ma’lumotlarini bilib olishga yoki muayyan harakatlarni bajarishga ko‘ndirishga urinishi mumkin.
4. “SMSdagi kodni aytib yuboring”
Tasdiqlash kodlari faqat karta egasi uchun mo‘ljallangan. Ularni uchinchi shaxslarga berish orqali siz o‘z hisobingiz bo‘yicha amaliyotlarni bajarishga ruxsat bergan bo‘lasiz.
5. “Xavfsiz ilovani o‘rnating”
Firibgarlar “himoya” dasturlarini o‘rnatish uchun havolalar yuborishi mumkin. Aslida esa bunday ilovalar yovuz niyatli kimsalarga qurilmangiz, hisobvaraqlaringiz va shaxsiy ma’lumotlaringizga kirish imkonini beradi.
Yodda tuting:
Bank xodimlari hech qachon telefon orqali kartaning to‘liq raqami, PIN-kodi, CVV-kodi yoki SMS-tasdiqlash kodlarini so‘ramaydi.
Agar sizga shubhali qo‘ng‘iroq bo‘lsa, suhbatni darhol tugating va bank bilan uning rasmiy raqami orqali mustaqil ravishda bog‘laning.
