InFinBank, LBBW va “Alyans Auto” O‘zbekistonda Volkswagen avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kelishuv imzoladi
TOSHKENT – 2026-yil 19-iyun – InFinBank, Germaniyaning Landesbank Baden-Württemberg (LBBW) banki va “Alyans Auto” kompaniyasi o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasida Volkswagen (VW) markali avtomobillar uchun butlovchi qismlarni import qilish va ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirishda hamkorlik doirasini belgilab beradi.
.png.webp)
Loyiha yirik uzelli (SKD) yig‘ish uchun VW Group Import Company Limited kompaniyasidan butlovchi qismlar yetkazib berishni tashkil etishga hamda respublika hududida mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan. Tomonlarning o‘zaro hamkorligi savdoni moliyalashtirish vositalaridan foydalanishni ko‘zda tutadi. Bunda InFinBank yetkazib berish jadvallariga muvofiq alohida transhlar bilan zaxira akkreditivlarini (SBLC) ochib beradi. Germaniyaning LBBW banki xalqaro bank amaliyoti va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan ochiladigan SBLClar bo‘yicha tasdiqlovchi bank sifatida ishtirok etadi. Memorandumning imzolanishi sanoat loyihasini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish va bosqichma-bosqich rivojlantirish uchun samarali moliyaviy tuzilma yaratish borasidagi tomonlar niyatini mustahkamlaydi.
.png.webp)
