InfinBANK kapital bozori bo‘yicha ekspertlar muloqotida ishtirok etdi
InfinBANK Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ruslan Karimov Cbonds tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” VIII xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
“Ekspertlar muloqoti: “Mahalliy kapital bozoridagi bitimlar tahlili: likvidlik, emitentlar va yangi vositalar”” panel muhokamasi doirasida Ruslan Karimov tijorat bankining pozitsiyasini bayon qildi va InfinBANKning kapital bozori vositalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, ishtirokchilar banklarning obligatsiyalarga nisbatan yondashuvlarini muhokama qildi: bitimlarda ishtirok etish to‘g‘risidagi qarorlar qanday qabul qilinadi, vositalarni baholashda qanday omillar hisobga olinadi va banklar obligatsiyalar va aksiyalar bozorini yanada rivojlantirishda qanday salohiyat ko‘rmoqda.
.png.webp)
Ruslan Karimov bugungi kunda O‘zbekiston kapital bozorida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda bozor ishtirokchilarining uning vositalariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi. InfinBANK obligatsiyalar bo‘yicha ham emitent, ham investor sifatida maydonga chiqib, kapital bozorining faol ishtirokchisi hisoblanadi. Bankning amaliy tajribasi bozor rivojlanishini nafaqat emitent nuqtai nazaridan, balki bevosita bitimlarda ishtirok etuvchi moliya instituti sifatida ham baholash imkonini beradi.
.png.webp)
Bunday professional muloqot bozor ishtirokchilari o‘rtasida tajriba almashishga hamda O‘zbekistonda moliyalashtirish va investitsiyalash vositalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
