Samarqandda InfinBANK va Oppenheimer o‘rtasida moliyaviy hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi
Samarqandda o‘tkazilgan "C5+1" uchrashuvi doirasida InfinBANK AQSHning Oppenheimer & Co. Inc. investitsiya banki bilan 300 million AQSH dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.InfinBANK asosiy aksiyadori Farhod Mamatjanov hamda Oppenheimer & Co. bosh ijrochi direktori Maks Lami o‘rtasida bitimlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH Savdo vazirining global bozorlar bo‘yicha yordamchisi AQSH va xorijiy mamlakatlar tijorat xizmati bosh direktori Devid Fogel hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirok etdi.
.png.webp)
Mazkur kelishuv InfinBANKning xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan. Yevroobligatsiyalarni joylashtirish orqali jalb qilinishi rejalashtirilayotgan mablag‘lar O‘zbekiston iqtisodiyotining real sektoridagi istiqbolli biznes loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Oppenheimer & Co. Inc. bilan hamkorlik bankning moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va korporativ mijozlarning investitsiyaviy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
InfinBANK xalqaro moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mamlakat iqtisodiyotidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha faoliyatini davom ettiradi.
